Создать публикацию

Uz

Bugungi umumxalq xayriya hasharida 8,7 mln o‘zbekistonlik ishtirok etmoqda

Umumxalq xayriya hashari yurtimizning barcha hududlarida yuqori saviyada tashkil etilib, unda 8,7 million nafardan ortiq o‘zbekistonlik ishtirok etmoqda. Ularning salmoqli qismi yoshlardan iborat, deya xabar beradi O‘zA.


Foto: O‘zA

Bu xaqda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi tomonidan Navro‘z bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgan umumxalq xayriya hasharining borishi jarayonlariga bag‘ishlab tashkillangan brifingda aytib o‘tildi.

Shu kunlarda mamlakatda o‘tkazilayotgan hashar oldidan barcha tashkilot va muassasalar, korxonalarda mazkur tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishga oid chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, barcha mahalla fuqarolik yig‘inlari tomonidan keng jamoatchilikni jalb etgan holda aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilarning atroflari, xiyobon, ziyoratgohlar, ko‘cha va yo‘laklarni tartibga keltirish, maishiy va qurilish chiqindilaridan tozalash, daraxtlarni oqlash ishlari uyushqoqlik bilan bajarilmoqda.

Ayni damda hasharchilar ko‘magida katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilyapti. Ariq va zovurlar tozalanib, ziyoratgoh va boshqa mo‘’tabar maskanlar tartibga keltirilmoqda. Manzarali daraxtlarga shakl berilib, ko‘plab mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.

100 ga yaqin mahallalarda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari, sport inshootlari, go‘zallik salonlari, mahalla guzarlari barpo etilishiga doir savobli ishlar aynan hashar kunlarida nihoyalanmoqda. Yangidan-yangi mahalla idoralari, bolalar sport maydonchalari qurib, foydalanishga topshirilmoqda.

An’anaga ko‘ra bu yilgi umumxalq xayriya hasharida ham nuroniylar, urush va mehnat faxriylari, alohida ehtiyojli fuqarolar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning turar joylari ta’mirlab berilmoqda. Ehtiyojmand oilalar, bemorlar, yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatilyapti.